Bugun Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasida 8-mart “Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan bayram tadbiri oʻtkazildi.
Tadbir qatnashchilari boʻlmish aziz ayollarni shodiyona kun munosabati bilan Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi boshligʻi v.v.b. Yodgorbek Ikramov boshqarmada faoliyat yuritayotgan barcha xotin-qizlarning jamiyatda va oilada tutgan oʻrni yuksakligini eʼtirof etgan holda samimiy muborakbod etdi.
Yurtimizda bugungi kunda ayollarimizga katta eʼtibor qaratib kelinmoqda. Buni jamiki sohalarda yurt ravnaqi yo‘lida mehnat qilayotgan xotin-qizlarimiz timsolida ko‘rishimiz mumkin.
Ayol – muqaddas, zero barchamizni dunyoga keltirib tarbiya va mehr ko‘rsatib, jamiyatda o‘z o‘rnimizni topishimizda bor kuchini ayamaydigan moʻtabar zotdir. Sizlar oilangizda ham mehribon ona, ham sadoqatli yor, ham opa va singilsiz, ishda esa jafokor rahbar yoki xodim sifatida elu yurt xizmatidasizlar.
Mana shu fursatdan foydalanib siz azizlarga jamoamiz nomidan hamisha bahoriy kayfiyat, sihat-salomatlik, kuch-quvvat va xotirjamlik tilab qolamiz, – dedi Yodgorbek Ikramov.
Tadbir yakunida boshqarma mutasaddilari tashkilotda faoliyat olib borayotgan barcha ayollarga o‘zlarining samimiy va ezgu tilaklarini bildirgan holda bayram sovg‘alari topshirildi.









